Mamlakatimizning tajribali mutaxassislaridan biri Bahrom Hakimov joriy mavsumda hech qaysi jamoada faoliyat olib bormayapti. Ko'plab klublarda ishlab, yaxshi natijalarni qayd etgan, xususan «Nasaf» bilan uch marta «bronza»ni qo'lga kiritgan murabbiyning ayni paytda nima ish bilan bandligini bilish maqsadida Bahrom aka bilan bog'lanib, unga bir necha savollar bilan murojaat qildik. Suhbatimiz Hakimovning elitamiz jamoalariga ta'rif berishidan boshlandi. Quyida e'tiboringizga tajribali mutaxassisning fikrlarini havola etyapmiz. - Mamlakatimiz oliy liga jamoalarining joriy mavsumdagi ishtiroki borasida to'xtalib o'tadigan bo'lsam, amaldagi chempion «Bunyodkor» tarkib va o'yin borasida boshqa klublardan ancha ustun. Shuning uchun «qaldirg'ochlar»ning ayni paytdagi namoyish etayotgan o'yinlari va qayd etayotgan natijalaridan ajablanmasak ham bo'laveradi. Ammo Osiyo Chempionlar Ligasi bahslarida jamoaga biroz omad etishmayapti. Biroq Hikmat Ergashev shogirdlarining ushbu turnirda ham yaxshi natijalarni qayd etishlariga ishonaman. «Paxtakor» esa mavsumning dastlabki turlarida ketma-ket ikki durangni qayd etgan bo'lishiga qaramay, keyingi o'yinlarni yaxshi o'tkazib, o'z mavqeini mustahkamlab oldi. Jamoa doimo yuqori o'rinlar uchun kurashib kelgan. Shuningdek, Viktor Jalilov shogirdlari OChL turnirida ham yaxshi ishtirok etishmoqda. Bu yil ham «Bunyodkor»ga chempionlik kurashi yo'lidagi asosiy raqib «Paxtakor» bo'lishiga shubham yo'q. «Nasaf» joriy mavsumni yangi bosh murabbiy va futbolchilar bilan boshladi. O'tgan yilga qaraganda, jamoaning tarkibi ancha kuchaydi. Shu bois, qarshiliklarning sovrinli o'rinlar uchun kurash olib borishlari oldindan kutilgandi. Hozircha Viktor Kumikov shogirdlari ishonchni oqlashmoqda. «Lokomotiv» ham mavsumni juda yaxshi boshlab, «Andijon» va «Neftchi» klublarini mag'lubiyatga uchratdi, «Paxtakor» hamda «Nasaf» jamoalari bilan durangga erishdi. Vadim Abramov shogirdlarining ushbu mavsumda niyatlari jiddiy ekanligi bilinmoqda. «Olmaliq» ham mavsum arafasida O'FF kubogini bejizga qo'lga kiritmaganligini isbotlab, barqaror o'yin ko'rsatmoqda. Igor Shkvirinning qisqa vaqt ichida yaxshi jamoa shakllantirgani sezilmoqda. «Xorazm» ham o'z tarkibiga tajribali futbolchilarni yig'ib olib, ijobiy natijalarni qayd etmoqda. «So'g'diyona»ning namoyish etayotgan o'yini va natijalari ko'pchilikni ajablantirmoqda. Ammo jizzaxliklar o'tgan yili ham mavsumning ilk turlarida ijobiy natijalarni qayd etishgandi. Joriy mavsumda ham jamoa o'tgan yilgi «stsenariy»ni takrorlamoqda. Namanganda har yili kuchli jamoa tuzishga intilishadi. Ammo so'nggi to'rt yildan buyon «Navbahor» bunga erisholmayotgan, natijada ketma-ket murabbiylar iste'fosi yuz berayotgandi. Bu yilgi mavsumni esa namanganliklar yaxshi boshlashdi va oldingi yillardagidan farqli o'laroq, ayni paytda turnir jadvalining yuqori pog'onalarida borishmoqda. Andijonliklar tarkiblarini ancha kuchaytirib olishganiga qaramay, ulardan kutilgan o'yinni namoyish etisholmayapti. Ammo chempionatning endigina salkam uchdan bir qismi ortda qoldi va Orif Mamatkazin shogirdlarida vaziyatni o'nglash uchun hali imkoniyat bor. «Neftchi» hozircha milliy chempionat bahslarini biroz omadsiz o'tkazyapti. Biroq mamlakatimizning tajribali murabbiyi Yuriy Sarkisyannning boshqaruvi ostidagi jamoaning hali o'z so'zini aytishiga ishonchim komil. «Sho'rtan» to'g'risida gapiradigan bo'lsam, Usmon Toshevga biroz omad etishmadi. Oqibatda u iste'foga chiqarildi. Jamoa asta-sekin o'z o'yinini topib boryapti. «Qizilqum» ayni paytda turnir jadvalining quyi pog'onalarida borayotgan bo'lsada, o'ylaymanki, zarafshonliklar hali o'z imkoniyatlarini to'liq namoyish etolmadilar. Rustam Zabirov shogirdlarining o'z o'yinlarini topishlariga ishonaman. «Metallurg» jamoasi o'tgan yili ham birinchi davra bahslarini muvaffaqiyatsiz o'tkazib, hal qiluvchi davrada kerakli natijalarni qayd etgandi va mavsumni 6-o'rinda yakunlagandi. Joriy mavsumda ham avvallari ko'plab jamoalar bilan yaxshi natijalarga erishgan Rustam Mirsodiqovning qo'l ostidagi klub yakunda yuqori pog'onalarni zabt etishiga ishonchim komil. «Buxoro» bu yil deyarli qaytadan shakllandi. Jamoaning ayni paytdagi holatiga havas qilib bo'lmaydi. Ammo Rauf Inileev o'z tajribasini ishga solib, jamoani og'ir ahvoldan olib chiqib ketadi, degan umiddaman. «Dinamo»ni ham yaqin o'tmishning mashhur futbolchilaridan biri Azamat Abduraimov yaxshi jamoa sifatida shakllantirishiga shubham yo'q. So'nggi pog'onada borayotgan «Mash'al» to'g'risida gapiradigan bo'lsam, ikki - uch nafar futbolchini hisobga olmaganda, jamoani barcha etakchilar tark etishdi. Bunday ahvolda qolgan klubning birdaniga o'z ahvolini o'nglashi esa qiyin. Shuning uchun muborakliklarga joriy mavsumda oson bo'lmaydi. Lekin sekin-asta jamoa o'z o'yinini topib olishi mumkin. Bu yildan boshlab, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan xorijlik murabbiylar «Pro», mahalliy mutaxassislarning esa «A» kategoriyali litsenziyalarga ega bo'lishlari shart qilib qo'yildi. Bu O'FF emas, balki OFKning qarori. Qit'amizning barcha mamlakatlarida ushbu qarorga amal qilinadi. Ta'kidlash joizki, menda «A» kategoriyali litsenziya bor va uni 2005 yili olganman. Nima uchun joriy mavsumda hech qaysi jamoani boshqarmayotganligimga kelsak, menga birorta klubdan jiddiy taklif bo'lgani yo'q. Nimayam derdim, zorimiz bor, zo'rimiz yo'q. Shu kungacha «Qo'qon-1912», MHSK, «Andijon», «Nasaf», «Dinamo», «To'palang», «Sho'rtan» va «UzDongJu» klublarida faoliyat olib bordim. Qo'l ostimdagi jamoalar bilan doimo yuqori o'rinlar uchun kurash olib borganman. Qarshiliklar bilan uch marta 3-o'rinni qo'lga kiritdim. Ammo o'tgan yili G'uzor va Andijonda («UzDongJu»)da uncha omadim kelmadi va muddatidan oldin iste'foga chiqishga majbur bo'ldim. Fursati kelganda shuni ta'kidlab o'tishim lozimki, bizda klub bilan murabbiylar o'rtasida tuziladigan shartnomada mutaxassislar muddatidan oldin iste'foga chiqadigan bo'lishsa, kompensatsiya, ya'ni tovon puli to'lash to'g'risidagi band kiritilmagan. Shuning uchun ko'plab klublarda o'z ixtiyorim bilan muddatidan oldin iste'foga chiqqan bo'lsam ham kompensatsiya puli olmaganman. Shu jumladan, ta'kidlash lozimki, «To'palang» va «Dinamo» klublarining mendan qarzlari bor. Ular haligacha men bilan to'liq hisob-kitob qilishmagan. Menimcha, mamlakatimizda ham murabbiy va klublar o'rtasida imzolanadigan shartnomaga kompensatsiya borasidagi band kiritilishi shart. Shunda murabbiylar iste'fosi ham ancha kamaygan bo'lardi. Ilgari Qo'qondan ko'plab mashhur futbolchilar etishib chiqishgan. Ayni paytda shahrimizda «Bunyodkor»ning farm-klubi 1-ligada faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, «Lokomotiv» ham Qo'qonda o'z futbol maktabini ochdi. Xudo xohlasa, bu maktabdan bo'lajak No''mon Hasanov, Baxtiyor Ashurmatov, Shuhrat Rahmonqulov va Muxtor Qurbonov singari yulduz futbolchilar etishib chiqishadi, degan umiddaman. Mamlakatimiz hakamlari to'g'risida gapiradigan bo'lsam, ularning saviyalari yildan-yilga oshib bormoqda. Misol uchun Ravshan Ermatov ko'plab xalqaro uchrashuvlarni boshqardi va kelasi yili JARda bo'lib o'tadigan jahon chempionati bahslarini boshqarishga qit'amizdagi asosiy nomzodlardan biri. Bu esa o'zbek hakamlarining mehnatini xorijda ham e'tirof etishayotganidan dalolatdir. Futbolda mablag' muhim rol o'ynaydi. Murabbiy va futbolchilarga yaxshi sharoitlar yaratib beradigan jamoalarning ijobiy natijalarni qayd etishlari aniq. Murabbiylardan marhum Valeriy Lobanovskiy va Konstantin Beskovlarning ishlariga havas qilardim. Kievning «Dinamo» klubi o'yinlarini Lobanovskiyning taktikasidan biror narsa o'zlashtirish uchungina kuzatardim. Hozirgi mutaxassislardan esa Valeriy Gazzaev va Yuriy Syominlarning taktikalariga havas qilaman. Hozir ham futboldan uzoqlashmaganman. Farg'onaga borib, «Neftchi»ning o'yinlarini bevosita stadionda kuzatyapman. Televizor orqali namoyish etilayotgan milliy chempionatimiz o'yinlarini tomosha qilyapman. «Bunyodkor - Qo'qon»ning mashg'ulotlari va o'yinlarini borib ko'ryapman
|